samgasi.uz soati/Axborot... · Web viewShuningdek, O‘zbekiston milliy metrologiya institutida...

23
O ZBEKISTON RESPUBLIKASI QURILISH VAZIRLIGI SAMARQAND DAVLAT ARXITEKTURA-QURILISH INSTITUTI 2020 yil 7 oktabr chorshanba kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o‘tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari Samarqand 20 20 y

Transcript of samgasi.uz soati/Axborot... · Web viewShuningdek, O‘zbekiston milliy metrologiya institutida...

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QURILISH VAZIRLIGI

SAMARQAND DAVLAT ARXITEKTURA-QURILISH INSTITUTI

2020 yil 7 oktabr chorshanba kuni dars jadvalining ikkinchi juftligida o‘tkaziladigan Axborot va murabbiylik soati materiallari

Samarqand – 2020 y

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY,

IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR

MA’LUMOTLAR

“LAZGI” XALQARO RAQS FESTIVALINI TASHKIL ETISH VA O‘TKAZISH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

http://uza.uz/oz/documents/lazgi-khal-aro-ra-s-festivalini-tashkil-etish-va-tkazish-t-r-28-09-2020

MAISHIY VA QURILISH CHIQINDILARI BILAN BOG‘LIQ ISHLARNI BOSHQARISH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

http://uza.uz/oz/documents/maishiy-va-urilish-chi-indilari-bilan-bo-li-ishlarni-bosh-ar-29-09-2020

SOLIQ MASLAHATI SOHASINI YANADA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

http://uza.uz/oz/documents/soli-masla-ati-so-asini-yanada-rivozhlantirish-chora-tadbirl-30-09-2020

MA’RIFATPARVAR JADIDCHILIK HARAKATI NAMOYONDALARINI MUKOFOTLASH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

http://uza.uz/oz/politics/marifatparvar-zhadidchilik-arakati-namoyandalarini-mukofotla-30-09-2020

O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN TA’LIM-TARBIYA TIZIMIDA ALOHIDA O‘RNAK KO‘RSATGAN XODIMLARDAN BIR GURUHINI MUKOFOTLASH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

http://uza.uz/oz/politics/-ituvchi-va-murabbiylar-kuni-munosabati-bilan-talim-tarbiya--30-09-2020

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI NUTQI

http://uza.uz/oz/documents/zbekiston-respublikasi-prezidenti-shavkat-mirziyeevning-ituv-30-09-2020

KORXONALARDA XALQARO STANDARTLAR MANZILLI JORIY QILINADI

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 sentabr kuni texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya tizimidagi islohotlar natijadorligi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Mahsulotlar sifati va raqobatdoshligini oshirish uchun milliy standartlarni jahon talablariga moslashtirish hamda korxonalarga joriy qilish juda muhim hisoblanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda standartlarning 43 foizi xalqaro me’yorlar bilan uyg‘unlashtirilib, ularning soni 12 mingtaga yetkazildi. Bunday ishlar natijasida eksport imkoniyatlari kengaymoqda.

Misol uchun, 21 ta korxonada to‘qimachilik va trikotaj tovarlariga Yevropaning “OEKO-Tex” va “Sedex” standartlari joriy qilindi. Jumladan, Andijondagi “Samo Textile” Yevropa bozorlariga 5 million dollarlik mahsulot bilan chiqdi. Buxorodagi “Bukhara Cotton Textile” MChJ ham AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya va Turkiyaga 5 million dollarlik eksport qildi.

Shuningdek, maishiy texnika, kabel, tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda 17 turdagi mahsulot xavfsizligini tasdiqlovchi mashhur “CE” markirovkasi joriy etilgani natijasida Yevropaning 8 ta davlatiga eksport boshlandi.

Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Yil oxirigacha oziq-ovqat, metallurgiya, yengil sanoat bo‘yicha 14 ta laboratoriya modernizatsiyasi yakunlanadi.

Yig‘ilishda shu paytgacha bajarilgan ishlar natijadorligi tahlil qilinib, galdagi muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari “O‘zstandart” agentligini milliy organ maqomiga olib chiqish, korxonalarda yangi standartlarni manzilli joriy qilish asosiy vazifa ekanini ta’kidladi.

– Milliy standart “ovozi jaranglashi”ga erishishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yil yakuniga qadar xalqaro standartlar sonini 14 mingtaga, uyg‘unlik darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi belgilandi.

Mutasaddi vazirlik va uyushmalarga to‘qimachilik korxonalarida “OEKO-Tex” me’yori, elektr texnikasi tarmog‘ida “SYe” markirovkasi hamda qishloq xo‘jaligida “Global G.A.P.” va “Organic” tizimlarini qo‘llashni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Xalqaro standartlarni tatbiq qilayotgan korxonalarga ko‘maklashib, bunga ketadigan xarajatning bir qismini Eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi tomonidan qoplab berish muhimligi ta’kidlandi.

– Agar mahsulot xalqaro sertifikatga ega bo‘lmasa, u hech qachon raqobatbardosh bo‘la olmaydi. Mamlakatda har bir tadbirkor standartni bilishi, tanishi kerak, shunday muhit yaratish zarur, – deya ta’kidladi Prezident.

“O‘zstandart” agentligiga avtomobil komponentlari, kimyo, oziq-ovqat, qurilish materiallari tarmoqlarida xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish topshirildi.

Dunyoda zavod va fabrikalar o‘z mahsulotlarini bozor talablari asosida takomillashtirib boradi. Shu tajribadan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar imkoniyatini cheklayotgan me’yorlarni ixtiyoriyga o‘tkazish kerakligi qayd etildi.

5 mingdan ziyod eski standartlarni bekor qilish, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash texnik reglamentlarini Yevropa va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi talablariga moslashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, sifatsiz import tovarlar kirib kelishining oldini olish maqsadida xavfsizlik talablari soni va qamrovi oshiriladi.

Yig‘ilishda Prezident “O‘zstandart” agentligining xalqaro standartlash va metrologiya tashkilotlaridagi ishtirokini faollashtirish muhimligini ta’kidladi.

Mazkur agentlikka Yevropa iqtisodiy komissiyasi texnik qo‘mitasi bilan quritilgan mevalar bo‘yicha kelishuvga erishish, kelgusi yilda Xalqaro akkreditatsiya forumiga to‘laqonli a’zo bo‘lish vazifasi qo‘yildi.

Sohaga doir ilm-fan va ta’limni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Kelgusi yildan Toshkent davlat texnika universiteti bilan energiya samaradorligi, Kimyo-texnologiya instituti bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari genetikasi, To‘qimachilik instituti bilan sintetik tolalar, Ilg‘or texnologiyalar markazi bilan hamkorlikda biologik faol qo‘shimchalar yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borish muhimligi aytildi.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy metrologiya institutida qurilish materiallari, suv tejovchi hamda axborot texnologiyalari bo‘yicha kafedralar tashkil etilishi belgilandi. Innovatsion rivojlanish vaziriligi ilmiy ishlanmalarga grantlar ajratadi.

KELGUSI 3 YILGA MO‘LJALLANGAN O‘NTA USTUVOR YO‘NALISH BELGILANDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etish, hududdagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida 2 oktabr kuni Nukus shahriga tashrif buyurdi.

Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Yig‘ilishni Jo‘qorg‘i Kenges Raisining o‘rinbosari Atabek Davletov ochdi. Sessiyaning kotibiyati saylanib, kun tartibi tasdiqlandi, Oqsoqollar kengashi va Hisob-sanoq komissiyasi tarkibi tuzildi.

Oqsoqollar kengashining qaroriga muvofiq, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi lavozimiga Kamalov Murat Qallibekovich nomzodi tavsiya etildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida koronavirus pandemiyasi butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizga ham yo‘qotishlar olib kelgani, lekin hayot davom etishi, shu sharoitga munosib bo‘lib, to‘g‘ri yo‘l topish zarurligini ta’kidladi.

– Bugun qoraqalpoq elini, tuprog‘ini, imkoniyatlarini yaxshi bilgan, xalq tanigan, turli masalalarni hal qila oladigan yetakchini saylab olishimiz kerak. Berdaq bobomizning dono so‘zlari bilan aytganda:

Xalqning g‘amini o‘ylagan,

Yurt g‘amxo‘ri kerak menga, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident hozirgi murakkab paytda rahbar bo‘lish oson emasligini, Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish bo‘yicha boshlangan ishlar 2-3 karra ko‘paytirib davom ettirilishini ta’kidladi.

– Murat Kamalovni ko‘p yillardan beri taniyman, – dedi Prezident. – U avvalo halol odam, vatanparvar odam. Qayerda ishlagan bo‘lmasin, qoraqalpoq elining dardi bilan yashaganiga guvohman. Eng asosiysi shu. Boshqasi tajriba bilan keladi. U otasi Qallibek Kamalov, marhum Musa Yerniyazov ishlarini davom ettirib, xalqni rozi qiladi, deb ishonaman.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Murat Kamalovning insoniy fazilatlari, fidoyiligi va rahbarlik qobiliyatini hisobga olib, uning nomzodiga o‘z roziligini bildirdi.

Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi lavozimiga Murat Kamalov saylandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasiga muvofiq, Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbari va eng yuqori lavozimli shaxsidir. Jo‘qorg‘i Kenges Raisi ayni organ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Jo‘qorg‘i Kengesning vakolati muddatiga saylanadi.

Sessiyada hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Oxirgi to‘rt yilda o‘nlab yirik to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa zamonaviy sanoat korxonalari qurilishi hisobiga Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarish hajmi 2 barobar o‘sgan. Yangi suv tarmoqlari qurilishi natijasida aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 40 foizdan 67 foizga yetdi. 241 ta maktab, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport ob’ektlari yangidan qurildi, kapital ta’mirlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Murat Kamalovni Jo‘qorg‘i Kenges Raisligiga saylangani bilan tabriklab, o‘ta mas’uliyatli vazifada muvaffaqiyat tiladi.

– Yangi rahbar faoliyatining eng muhim yo‘nalishi “xalqning dardini eshitish va masalalarini hal etish” bo‘lishi kerak. Buning uchun tinimsiz izlanish, mehnat qilish, xalq bilan maslahatlashib ishlash zarur. Qoraqalpog‘istonda elni sevgan, bilimli, fidoyi yoshlar ko‘p. Ularni birlashtirib, natija qilish, el-yurtga manfaat olib kelish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Qoraqalpog‘istonda barcha sohalarni jadal rivojlantirish bo‘yicha kelgusi 3 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, har bir tumanda 2 tadan faoliyat turi o‘ziga xos “o‘sish nuqta”si etib belgilangan.

Prezident barcha 16 ta tumanni yanada ravnaq toptirish maqsadida mazkur «o‘sish nuqtalari» bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari 3 yil muddatga yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, kichik korxonalarning aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig‘idan ozod etilishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, taraqqiyot darajasi past bo‘lgan Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida yangi tashkil etiladigan sanoat korxonalariga ham 3 yil muddatga soliq va bojxona imtiyozlari beriladi.

Har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga kuchli turtki berish, muammolarni tezkor hal etish uchun ularga vazirlar va banklar biriktirildi.

Yig‘ilishda kelgusi 3 yilga mo‘ljallangan o‘nta ustuvor yo‘nalish belgilandi.

Birinchisi – tumanlar va mahallalarni jadal rivojlantirish, ikkinchisi – aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘lsa, uchinchisi doirasida investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Orol muammosining salbiy ta’sirini yumshatish sa’y-harakatlari to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.

Beshinchisi etib xizmat ko‘rsatish sohasi salohiyatini to‘liq ishga solish, oltinchisi o‘laroq qishloq xo‘jaligini rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Yettinchidan, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida ishlar tashkil qilinsa, sakkizinchidan ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga e’tibor qaratiladi.

To‘qqizinchi ustuvor yo‘nalish etib yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa, o‘ninchisi doirasida jinoyatchilikning oldini olish masalalari yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Prezident mamlakatimiz yigit-qizlarini mazkur hudud hayoti bilan tanishtirish maqsadida kelgusi yili Qoraqalpog‘istonda Yoshlar festivali tashkil etish taklifini bildirdi.

Davlatimiz rahbari Nukus shahrida barpo etilgan opera va baxshichilik maktab-internati bilan tanishdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalarda bo‘lgani kabi baxshichilik san’ati rivojiga ham katta e’tibor qaratilyapti. Yurtimizda har ikki yilda bir Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi, Termiz shahrida o‘tgan yili baxshichilik maktabi faoliyat boshladi, Respublika baxshichilik san’ati markazi barpo etilmoqda.

Ushbu markaz huzurida baxshichilik san’atini rivojlantirish jamg‘armasi ham tashkil etiladi. Bu kabi xayrli ishlar ajdodlarimiz asrlar davomida e’zozlab kelgan noyob san’atni dunyoga keng tarannum etish, yoshlarimizning unga qiziqishini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Baxshi-jirovchilik qoraqalpoq xalqining qadimiy milliy san’at turlaridan hisoblanadi. Ushbu xalq folklori baxshi-jirovlar tomonidan kuylanib, ustoz-shogird an’anasi orqali bizgacha yetib kelgan. Baxshichilikni asrab-avaylash, qadimiy dostonlarni yoshlarimizga singdirish va ularni milliy an’analar ruhida tarbiyalash, baxshichilik sohasida dunyoga taniqli san’atkorlarni yetishtirish maqsadida o‘tgan yili Nukus shahrida opera va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat qurilishi boshlangan edi.

Joriy yilda bitkazilgan maktab-internat operaga ham ixtisoslashtirildi. Chunki Qoraqalpog‘istonda opera janrida o‘ziga xos maktab yaratilgan, Muyassar Razzoqova, Kenesbay Serjanov, Oygul Nodirova, Jenisbek Piyazov singari elga taniqli opera xonandalari yurtimiz san’atini dunyoga yoyishga katta hissa qo‘shib kelmoqda.

150 o‘rinli ta’lim maskanida 50 o‘rinli yotoqxona va oshxona barpo etilgan, sinfxonalar o‘quv qurollari va cholg‘ular bilan jihozlangan.

Kelasi o‘quv yilida maktabning 5, 6 va 7-sinflariga, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab esa 5-sinfiga opera yo‘nalishiga 10, baxshichilik yo‘nalishiga 20 nafardan o‘quvchi tanlov asosida qabul qilinadi.

Davlatimiz rahbari maktab-internatning 150 o‘rinli zamonaviy konsert zali va sinfxonalarini ko‘zdan kechirdi. Qoraqalpoq yoshlari milliy va zamonaviy operalardan namunalar ijro etdi.

– Bunday maktablarni tashkil etishimizdan asosiy maqsad – tariximizni, madaniyatimizni chuqur o‘rganish, o‘zligimizni anglash. Baxshichilik – qoraqalpoq elining ulug‘ an’anasi, uni rivojlantirish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Soha vakillari va yoshlar bilan muloqotda har bir tumanda ushbu maktab-internatning bo‘limlarini tashkil etish, shu orqali chekka hududlardagi iste’dodli yoshlarni izlab topib ularni o‘qitish, maktab negizida konservatoriya filialini ochish va yetuk baxshi-opera xonandalarini tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Tanishuv chog‘ida san’at maktabining yo‘nalishlarini kengaytirish kerakligi alohida qayd etildi. Masalan, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, chet eldan professor-o‘qituvchilar jalb etish, ular ishtirokida mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish o‘quvchilarni mamlakat va xalqaro miqyosdagi tanlovlarga tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.

Shavkat Mirziyoyev maktab-internatda o‘quvchilarga asosiy yo‘nalishlardan tashqari milliy va Yevropa cholg‘ularidan dars berish, san’atni keng targ‘ib etish orqali aholining estetik saviyasini yuksaltirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Prezidentimiz Nukus shahridagi «Qoraqalpoq baliq sanoat» mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan ham tanishdi.

Mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning zamonaviy va innovatsion uslublarini joriy etish bo‘yicha bir qator qonun hujjatlari qabul qilinib, ularning ijrosini sifatli va puxta ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2020 yil 29 avgustdagi “Baliqchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini o‘taydi.

Ayniqsa, baliqchilik xo‘jaliklariga biriktirilgan suv havzalaridan ilmiy yondashuv asosida samarali foydalanish, ularning meliorativ holatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Qoraqalpoq baliq sanoat” jamiyati tomonidan “Intensiv tarzda baliq yetishtirish va uni qayta ishlash” loyihasi doirasidagi korxona 1,2 gektar yer maydonida tashkil etilgan. Uning quvvati yiliga 200 tonna baliq, 5 million dona baliq lichinkalari yetishtirish, 5 ming tonna ozuqa yem ishlab chiqarish va ming tonnalik sovutkichli kamerada mahsulot saqlash imkoniga ega. U shu yil iyulda faoliyat boshladi, 35 ta ish o‘rni yaratilgan.

Loyihaning ahamiyati shundaki, korxonada yopiq sig‘imda intensiv usulda baliq yetishtiriladi. Ya’ni, suvdan takroran foydalanish evaziga katta hajmda suv tejaladi. Masalan, 200 tonna baliq yetishtirish uchun oddiy sharoitda 1,5 million metr kub suv sarflansa, bu yerda 250 metr kub yetarli. Bu Qoraqalpog‘iston uchun juda muhim.

Shu yerda qishloq xo‘jaligi tarmoqlaridagi loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari chorvachilikda oilaviy koopersiyalarni yo‘lga qo‘yib, parrandani ko‘paytirib, go‘sht narxini arzonlashtirish choralarini ko‘rish muhimligini ta’kidladi. Hududda yer va suvning aniq hisobini yuritish, bunga axborot texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida ko‘p qavatli turar joylar va IT-park qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Tatibay ko‘chasidagi yangi turar joy majmuasi zamonaviy andozalar asosida, zilzilabardosh qurilish materiallaridan bunyod etilmoqda. Tashqi devorlar 3 qavatli energiyatejamkor materialdan iboratligi bois xonadonlar qishda issiq, yozda salqin bo‘lishga erishiladi.

160 ta xonadonga mo‘ljallangan 2 ta 16 qavatli uy kelasi yilda yashash uchun tayyor holda topshiriladi.

Prezident yangi uyning shou-rumida bo‘lib, ularda yaratiladigan sharoitlar bilan tanishdi.

Shu yerda IT-park ham qurilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 8 ta raqamli iqtisodiyot markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularda axborot texnologiyalari sohasida yosh mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Mazkur IT-park raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi ishlarning uzviy davomi bo‘lib, u ishga tushirilsa qoraqalpog‘istonlik yoshlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida izlanishlari uchun keng imkoniyat ochiladi.

Ma’lumki, joriy yil mamlakatimizda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilingan. 8 iyun kuni Prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimotda hududlarda soha rivojiga sharoit yaratish, Buxoro, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Jizzax shaharlarida Toshkentdagi IT-park filiallarini tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.

Nukus shahrida barpo etilayotgan IT-park 16 qavatdan iborat bo‘ladi. Uni 2021 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Bu yerda axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kommunal xo‘jalik, ta’lim, turizm, madaniyat, qurilish va transport kabi sohalarda istiqbolli loyihalar ustida ish olib boradi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar o‘quv maskani, kovorking markazi, o‘quv va kibersport xonalarida yoshlarga axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim beriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish jarayonini ko‘zdan kechirar ekan, Toshkent shahridagi har qanday istiqbolli yangiliklar Nukus shahrida bo‘lishi kerakligini, har bir tumanlardagi ko‘chalarni zamonaviy shaklga keltirish va odamlarga qulaylik yaratish lozimligini ta’kidladi.

– Toshkentda nima yangilik bo‘lsa, Nukusga kelishi kerak, – dedi Prezident. – Yangicha ishlamasak, zamon qabul qilmaydi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahri tumanlarini Nukus shahri mahallalariga biriktirish, ko‘chalarni yoritib, obodonlashtirib, savdo va xizmat shoxobchalarini ko‘paytirish, aholining dam olishi uchun sharoitlarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

USHBU HAFTA “AXBOROT VA MURABBIYLIK SOATI” MASHG‘ULOTLARINI O‘TKAZISH UCHUN TAYYORLANGAN YORDAMCHI MATERIALLAR

MAVZU: O‘ZBEKISTONNING RIVOJLANISH STRATEGIYASI

REJA:

1. Kirish

2. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi.

3. 2017 yil — “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” da amalga oshirilgan ishlar.

4. 2018-“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirilgan ishlar.

5. Harakatlar strategiyasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi.

6. 2020 yil – “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”.

7. Fuqarolik tashabbuskorligi.

1. Kirish. 1991 yilning 31 avgustida O‘zbekiston Respublikasi milliy mustaqilligining e’lon qilinishi, shubhasiz, Vatan tarixida zarhal harflar bilan yoziladigan sahifa bo‘ldi.

Qisqa vaqt ichida O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning to‘laqonli sub’ektiga aylandi. Mamlakatda demokratik jamiyatni barpo etishning huquqiy asoslari yaratila boshlandi. Iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy sohalarda, ma’naviy-ma’rifiy jabhada islohotlar amalga oshirilishga kirishildi.

Mamlakatimizda mustaqillikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi dadil qadam 2016 yildan boshlandi. Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev rahbarligida butun xalqimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishdi, uning mustahkam zamini yarata boshlanib, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda bir necha o‘n yillar davomida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar bajarildi. O‘zbekiston tom ma’noda milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari yuz tutdi.

2. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi. Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda shiddat bilan amalga oshirilayotgan tub islohotlar o‘zining ijobiy samaralarini ko‘rsata boshladi. Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev olib borayotgan uzoqni ko‘zlovchi istiqbolli siyosatning tag zamirida ham, eng avvalo, O‘zbekistonni eng rivojlangan ilg‘or davlatlar qatoriga qo‘shish, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, shuningdek, birinchi navbatda, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirish va munosib hayot kechirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish orqali odamlarni rozi qilishdan iboratdir.

Ma’lumki, O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi farmoni bilan 2017—2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi. Strategiya loyihasi dolzarb hamda aholi va tadbirkorlarni tashvishga solayotgan masalalarni kompleks o‘rganish, qonunchilik, huquqni muhofaza qilish amaliyoti va xorijiy tajribani tahlil qilish yakunlari bo‘yicha ishlab chiqildi. Hujjat internetda e’lon qilinib, ekspertlar va jamoatchilikning keng muhokamasidan o‘tdi.

Harakatlar strategiyasi besh bosqichda amalga oshirilib, ularning har biri bo‘yicha yil nomlanishidan kelib chiqqan holda alohida bir yillik davlat dasturini tasdiqlashni nazarda tutadi. Xususan, 2017 yil — “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, 2018 yil – “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” hamda 2019 yil – “Faol investsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilindi.

2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi quyidagilarni o‘zi ichiga oladi:

· davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, «Elektron hukumat» tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish;

· qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga yo‘naltirilgan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samarasini oshirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini to‘laqonli joriy etish, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash;

· iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish;

· ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish;

· xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash.

Farmon bilan 2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya, shuningdek ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar tashkil etilgan. Milliy komissiyaga Prezidentning o‘zi boshchilik qiladi.

Hujjatda Harakatlar strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining birlamchi vazifasi va bosh ustuvor yo‘nalishi hisoblanishi belgilangan.

Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlarga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali mexanizm va usullarini joriy etish, mansabdor shaxslarning aholi oldida hisobot berishi tizimini amalda tatbiq etish, shu asosda xalqning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Farmonda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda byurokratik to‘siq va g‘ovlar yaratilishiga, aholi bilan muloqot jarayonini kampaniyabozlikka aylanishiga yo‘l qo‘ymasligi qayd etildi. Bundan tashqari, davlat dasturi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarning ochiqligi, ularda fuqarolar, barcha darajadagi davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar, ijodiy va ilmiy muassasalar vakillarining keng ishtirok etishini ta’minlash belgilangan.

3. 2017 yil — “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” da amalga oshirilgan ishlar.

2017 yilda iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan, yangicha ma’no-mazmundagi va samarali islohotlarni amalga oshirish yo‘lida birinchi qadamlarni qo‘yildi. Iqtisodiyotni mutlaqo yangi asosda tashkil etish va yanada erkinlashtirish, uning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha qator qonunlar, farmon va qarorlar, puxta o‘ylangan dasturlar qabul qilindi va ular izchil amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda qisqa muddatda 161 ta yirik sanoat ob’ekti ishga tushirildi. Toshkent issiqlik elektr stansiyasida bug‘-gaz qurilmasi barpo etildi. Bu esa qo‘shimcha ravishda 2,5 milliard kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Shuningdek, Navoiy issiqlik elektr stansiyasida ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi, Qizilqum bag‘ridagi Avminzo-Amantoy oltin konlari negizida gidrometallurgiya zavodi qurish bo‘yicha ishlar davom ettirildi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan “Yoshlik – 1”, “Yoshlik – 2” konlarini o‘zlashtirishga kirishildi. Sardoba, Markaziy Farg‘ona va To‘palang suv omborlarini qurish bo‘yicha ishlar jadal olib borildi.Farg‘ona – Marg‘ilon yo‘nalishidagi temir yo‘l tarmog‘i elektrlashtirila boshladi.

Yana bir yirik ob’ekt – Qandim gazni qayta ishlash kompleksi ishga tushirilishi hisobidan 2018 yilda qo‘shimcha ravishda 4 milliard 100 million kub metr tabiiy gazni qayta ishlash, 67 ming tonnadan ziyod kondensat, 106 ming tonnadan ortiq oltingugurt ishlab chiqarish imkoni yaratilishi ko‘zda tutildi.

Bunday misollarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Eng muhimi, mamlakatimiz iqtisodiy siyosatida noreal raqamlar ortidan quvish, amalga oshmaydigan xomxayollarni haqiqat sifatida taqdim etishdek noma’qul ish uslubi tanqidiy qayta ko‘rib chiqildi. Amaliy natijadorlik, inson manfaati va yana bir bor inson manfaati islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.

Ayni shu asosda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2017 yilda barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlari 5,5 foizni tashkil etdi, eksport hajmi qariyb 15 foizga ko‘paydi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi 854 million dollarga yetdi.

Milliy valyutamizni erkin konvertatsiya qilishga kirishildi. Yuridik va jismoniy shaxslar xorijiy valyutani tijorat banklaridan cheklovsiz sotib olish va erkin sotish imkoniga ega bo‘ldi. Chet el valyutasining oldi-sotdi operatsiyalari hajmi liberalizatsiya davriga nisbatan 1,5 barobar oshib, o‘rtacha 1,3 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, davlatimizning oltin-valyuta zaxiralari yil davomida 1,1 milliard dollarga ko‘paydi.

2017 yilda yangi sanoat korxonalarini qurish, xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini ishga tushirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 336 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

2017 yilning o‘zida 800 ming kvadrat metrdan ziyod uy-joylar qurib foydalanishga topshirildi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida joriy yilda 420 ming kvadrat metr ko‘pqavatli uy-joy fondi foydalanishga topshirildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3 barobar ko‘pdir.Orolbo‘yida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan aniq choralar ko‘rildi. Moliya vazirligi huzurida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi tuzildi va unga 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Ana shu mablag‘lar hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining suv ta’minoti, turmush sharoiti yaxshilanmoqda. Shu bilan birga, mazkur hududlarda 3 ming kilometrdan ortiq ichki yo‘llar kapital ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi.

Yangi ta’lim muassasalarini qurish, mavjudlarini ta’mirlashga alohida e’tibor qaratildi. 12 ta umumta’lim maktabi yangitdan barpo etildi, 320 tasi rekonstruksiya qilindi, 152 ta maktab kapital ta’mirlandi. Shuningdek, 107 ta maktabgacha ta’lim muassasasi rekonstruksiya qilindi va qurildi, 195 ta bog‘cha kapital ta’mirlandi.

Ko‘plab ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar hamda keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar asosida yurtimizda 11 yillik ta’lim qayta tiklandi.

Oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish borasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017-2021 yillarda oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Yangi tashkil etilgan institut va filiallar hisobidan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari soni 81 taga, hududlardagi filiallar 15 taga, xorijiy universitetlar filiallari 7 taga yetdi.

2017 yilda 21 ta oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Natijada 400 dan ortiq bitim va kelishuvlarga erishildi, qariyb 60 milliard AQSh dollari hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolandi. Qabul qilingan hujjat va kelishuvlarni o‘z vaqtida to‘liq bajarish maqsadida 40 ta “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda amalga oshirildi.

“O‘zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yo‘nalish” tamoyilini amalda tatbiq etishga kirishdik. Natijada mintaqamizda mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratildi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik asosidagi aloqalar mustahkamlandi.

Turkmaniston va Qirg‘iziston bilan strategik hamkorlik o‘rnatildi. Qozog‘iston bilan strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish borasida bir qator muhim hujjatlar imzolandi, 2 milliard dollar miqdorida iqtisodiy bitimlar tuzildi. Tojikiston bilan hamkorlik mustahkamlanib, Toshkent va Dushanbe shaharlari o‘rtasida aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi.

Qirg‘iziston bilan davlat chegaralari to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan katta qadam bo‘ldi. Qo‘shni Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lida muhim kelishuvlarga erishildi, yangi iqtisodiy loyihalar bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Shuningdek, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlari, musulmon mamlakatlari bilan ham samarali bitim va kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalarni yangi bosqichda davom ettirildi.

4. “2018 yil - “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirilgan ishlar. “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan 2018 yilda mamlakatimizda iqtisodiyot, ijtimoiy soha va davlat boshqaruviga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Qabul qilingan 2018 yilgi Davlat dasturini ro‘yobga chiqarish doirasida 21 trillion so‘m va 1 milliard AQSh dollariga teng 76 mingta loyiha amalga oshirildi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga muvofiq 400 dan ortiq qishloq va mahallalarda munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan qurilish va obodonlashtirish ishlariga 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

“Har bir oila – tadbirkor” va “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari doirasida 2 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilib, joylarda 2600 dan ortiq biznes loyihalar amalga oshirildi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va mehnatga haq to‘lash tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi hamda bu aholining real daromadlarini 2017 yilga nisbatan 12 foizga oshirish imkonini berdi.

Yangi o‘quv yo‘nalishlarini ochish va qabul kvotalarini oshirish hisobiga oliy ta’lim olish imkoniyatlari salmoqli darajada kengaytirildi. Soliq ma’muriyatchiligining mohiyatan yangi tartibi joriy etilgani sababli soliqlarning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan mahalliy budjetlar ixtiyorida 5,5 trillion so‘m mablag‘ qoldirildi. Bu 2017 yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 6 barobar, 2016 yilga nisbatan 32 barobar ko‘pdir.

Bundan tashqari, iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish, ishbilarmonlik muhiti va investitsiyaviy jozibadorlikni yaxshilash, aholi daromadlarini oshirish va biznes uchun soliq yukini kamaytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi.

Xususan, yagona ijtimoiy to‘lov stavkasining 12 foizgacha pasaytirilishi hamda yuridik shaxslarning aylanmasi (tushumi)dan davlat maqsadli jamg‘armalariga undiriladigan majburiy ajratmalarning bekor qilinishi korxonalar ixtiyorida qo‘shimcha mablag‘lar qolishi uchun shart-sharoit yaratdi.

2018 yilda 18 ta davlatlararo tashriflar amalga oshirildi va 50 milliard AQSh dollariga teng investitsiyaviy kelishuvlarga erishildi.

5. Harakatlar strategiyasining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi.

2019 yilda barcha sohalardagi ijobiy natijalar qatorida investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi. Ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan – 3,7 barobar o‘sdi. Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.

Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi va jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi.

Energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yo‘l qurilishi, qishloq va suv xo‘jaligi, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti hamda boshqa qator tarmoqlarda chuqur tarkibiy islohotlar boshlandi. Sanoatning 12 ta yetakchi tarmog‘ida modernizatsiyalash va raqobatdoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirildi. Natijada iqtisodiy o‘sish 5,6 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport – 28 foizga ko‘paydi. Oltin-valyuta zaxiralari 2019 yil davomida 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga yetdi.

Qishloq xo‘jaligida fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish borasidagi o‘rganish va izlanishlarimiz davom ettirildi. Sohaga ilg‘or texnologiyalar va klaster tizimi joriy etildi.

Tadbirkorlikni keng rivojlantirish va bu soha uchun yangi sharoitlar yaratishga barcha imkoniyatlarimizni safarbar etyapmiz. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida o‘z biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion so‘m kreditlar ajratildi.

Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobar kamaytirildi. Natijada rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 mingtaga ko‘paydi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan o‘tgan yili soliq to‘lovchilar ixtiyorida 2 trillion so‘m qoldi.

Islohotlarimiz natijasida 2019 yilda 93 mingta yoki 2018 yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi.

Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pog‘ona ko‘tarilib, biznesni ro‘yxatga olish ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-o‘rinni egalladik va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldi.

Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida o‘tgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2016 yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar ko‘p demakdir.

Maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlarimiz natijasida o‘tgan yili 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog‘chalari tashkil etildi. Shuning hisobidan farzandlarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga ko‘tarildi.

2019 yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 4 ta Prezident maktabi, 3 ta Ijod maktabi ish boshladi. Oliy ta’limni rivojlantirish uchun o‘tgan yili 19 ta yangi oliy o‘quv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitetning filiali ochildi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Oliy ta’lim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016 yilga nisbatan 2 barobar ko‘p talaba o‘qishga qabul qilindi.

Ishlayotgan pensionerlarga pensiyani to‘liq to‘lash tartibi joriy etildi. Ijtimoiy yordamga muhtoj va ehtiyojmand aholi uchun nafaqa miqdori 2 barobar ko‘paytirildi. Sog‘liqni saqlash sohasida davlat muassasalari bilan bir qatorda xususiy tibbiyot yo‘nalishi ham jadal rivojlanmoqda. Davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga ko‘paytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli o‘tgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 479 ta qishloq va ovulda, shaharlardagi 116 ta mahallada keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bunga 6,1 trillion so‘m yoki 2018 yilga nisbatan 1,5 trillion so‘m ko‘p mablag‘ sarflandi.

Qishloq joylarda – 17 ming 100 ta, shaharlarda – 17 ming 600 ta, jami 34 ming 700 ta yoki 2016 yilga nisbatan salkam 3 barobar ko‘p arzon va shinam uylar qurildi.

Kam ta’minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard so‘mdan ziyod boshlang‘ich badal to‘lab berildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda. Xususan, dunyodagi nufuzli nashrlardan biri – “Ekonomist” jurnali O‘zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” deb e’tirof etdi.

6. 2020 yil – “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining ustuvor vazifalari.

Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida yurtimizda 2020 yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berildi.

Davlat dasturida belgilangan sohalarni ustuvor darajada rivojlantirish va isloh etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish lozimligi belgilandi. Xususan, bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 60 foizga yetkazish ko‘zda tutildi. Ushbu maqsadlarga shu yilning o‘zida budjetdan qariyb 1,8 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.

2020 yilda budjetdan ajratiladigan 1,7 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 36 ta yangi maktab qurilib, 211 tasi kapital ta’mirlanadi. Shuningdek, 55 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi.

Pedagogik mahorat va malaka darajasiga ega bo‘lgan, o‘z ishida aniq natijalarga erishgan o‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lash tizimini joriy etildi.

Maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

2021 yilgi xalqaro baholash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish uchun 348 ta tayanch maktab belgilanib, 6 mingdan ortiq o‘qituvchining malakasi oshirilishi rejalashtirildi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab mutlaqo yangi professional ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etilmoqda.

Kadrlar malakasini xalqaro mehnat bozori talablariga moslashtirish maqsadida milliy malaka tizimi ishlab chiqiladi. Ushbu tizim 9 mingga yaqin kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

Maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazish rejalashtirildi.

Qizlarimiz uchun alohida grantlar ham ajratildi. Xotin-qizlar qo‘mitasi ushbu grantlar asosida o‘qitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqildi.

Oliy ta’limda o‘quv jarayonini kredit-modul tizimiga o‘tkazish talab etilmoqda. Joriy yildan pedagogik ta’limning 6 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati 3 yil qilib belgilanadi.

Oliy o‘quv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Joriy yilda ularning 10 tasi o‘zini o‘zi moliyaviy ta’minlashga o‘tadi. Bundan tashqari, kamida 5 ta oliy ta’lim muassasasini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda ularni transformatsiya qilishni boshlashga yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo‘nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 700 dan ziyod olimlar, professor-o‘qituvchilar chet elga ilmiy izlanish va malaka oshirish uchun yuboriladi.

Joriy yilda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tub burilish qilish belgilandi. Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog‘liqni saqlash, ta’lim, arxiv sohalarini to‘liq raqamlashtirish.

Soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish boshlandi.

2020 yil va keyingi yillarda iqtisodiyot sohasida amalga oshirish zarur bo‘lgan dasturiy va maqsadli vazifalar belgilandi:

Birinchidan, 2020 yilda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va inflyatsiyani jilovlash.

Ikkinchidan, iqtisodiyotni yuqori sur’atlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettirish.

Uchinchidan, bank tizimini rivojlantirish uchun bu yil keskin choralar ko‘rish. 2020 yildan boshlab har bir bankda keng ko‘lamli transformatsiya dasturi amalga oshiriladi. Bu borada banklarning kapital, resurs bazasi va daromadlarini oshirish alohida e’tibor markazida bo‘ladi. Bank tizimida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydigan “loyihalar fabrikasi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

To‘rtinchidan, barqaror iqtisodiy o‘sishning eng muhim garovi – raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni ko‘paytirish, tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish hisoblanadi.

Beshinchidan, sanoat tarmoqlarini uzluksiz xomashyo va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash. Iqtisodiyotning qator muhim tarmoqlari, jumladan, kimyo, neft va gaz, energetika, elektrotexnika, qurilish materiallari, zargarlik sanoatini xomashyo bilan ta’minlash uchun, avvalo, geologiya-qidiruv sohasini tubdan rivojlantirish. Shuni hisobga olib, joriy yilda istiqbolli konlarni aniqlash va mavjud zaxiralarni ko‘paytirish uchun budjetdan 2 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.

Oltinchidan, biznes muhitini yanada yaxshilash biz uchun eng muhim masalalardan biri bo‘lib qoladi.

Yettinchidan, iqtisodiyot rivojini, aholi bandligi va daromadlari o‘sishini ta’minlaydigan eng muhim sohalardan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligini strategik yondashuvlar asosida taraqqiy ettirish.

Sakkizinchidan, turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘iga aylantirish biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.

To‘qqizinchidan, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirgan holda, hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish.

7.Fuqarolik tashabbuskorligi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangan kundan mamlakatimizda barcha soha va tizimlarda “Yangi O‘zbekistonni buyuk va mehnatsevar xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz” tamoyili asosida mutlaqo yangi muhit yaratila boshlandi. Ya’ni insonning huquq va erkinliklari yuksak qadriyat sifatida tan olinadigan Yangi O‘zbekistonni yaratish borasida misli ko‘rilmagan islohotlarga kirishildi. Mazkur islohotlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi asosiy g‘oyalar sirasiga esa “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” kabi yangi g‘oyalar ham kiradi.

Bugungi kunda yoshlarni faol fuqorlik pozitsiyasida bo‘lishi, o‘z shijoati va vatanparvarligi bilan erkin tashabbus ko‘rsata olishi ta’lim jarayoni bilan uzviy bog‘liqdir. Shuning uchun ham ta’lim jarayonda shakllantirilgan sifatlar, birinchi navbatda, talabalarning ijtimoiy ongini rivojlantirishga xizmat qilishi va ularni siyosiy faollikka undashi, rivojlanish tendensiyalari va rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitlariga moslashganlik, intellektual, ijtimoiy barqarorlik, tashabbuskorlik va faol fuqarolik pozitsiyasi kabi sifatlar bugungi talaba-yoshlarga xos bo‘lishi lozim.

Fuqarolik tashabbuskorligi - har bir insondan o‘z fuqarolik pozitsiyasini to‘g‘ri anglashni, jamiyat va davlat hayotidagi islohotlarda faol bo‘lishini, o‘z kasbi va sohasi bo‘yicha jamiyat hayotini yaxshilash uchun tashabbus ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi va shaxsning jamiyat hayotidagi faolligida o‘z ifodasini topadi.

Fuqarolik tashabbuskorligi fazilati - har bir fuqaroning tashabbuskorlik, burch, mas’uliyat xissini uyg‘unlashtirgan holda jamiyat rivoji, xalq faravonligi, farzandlar kelajagi uchun bajarayotgan mexnat faoliyatida, turmush tarzida o‘z ifodasini topadi. Mazkur fazilat tashabbuskorlik faoliyati orqali namoyon bo‘ladi.

Tashabbuskorlik - faollik ko‘rsatish, davlat va jamiyat hayotida o‘zining aqliy salohiyati va mavjud imkoniyatlarini namoyon etgan holda o‘z faoliyati bilan ijobiy natijalarni amaliy hayotga tadbiq eta olish qobiliyatidir.

Fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish o‘z ichiga fuqarolikni anglash va fuqarolik faolligini qamrab oladi. Fuqarolikni anglash shaxsni o‘z-o‘zini anglashidan boshlanadi. Shaxsning fuqarolikni anglashi esa fuqarolik huquq va majburiyatlarini ongli ravishda o‘z xatti-harakatlariga faol tatbiq etishi bilan belgilanadi. Fuqarolik faolligi shaxsning fuqarolik huquq va majburiyatlariga bo‘lgan mas’uliyatli munosabatida, shuningdek, jamiyat uchun ahamiyatli bo‘lgan o‘quv, kasbiy va shaxsiy rejalarining ijtimoiy yo‘nalganligida namoyon bo‘ladi.